Menu

Vaginal kandidozni davolash

Vaginal kandidoz (zamburug‘li kasallik) tug‘ish (reproduktiv) yoshidagi ayollar orasida eng keng tarqalgan urogenital kasalliklardan biri sanaladi.

Vaginal kandidozning quyidagi shakllari ajratiladi:

  • kandida tarqatuvchi
  • o‘tkir kandidoz
  • surunkali kandidoz – qaytalanuvchi va doimiy.

So‘nggi yillarda tadqiqotchilar diqqatini surunkali takrorlanadigan vulvovaginal kandidoz muammosi ko‘proq o‘ziga jalb etmoqda. Qachonki mazkur kasallikning klinik ifodalangan epizodlari bir yil davomida  to‘rt marotaba qayd qilinsa surunkali qaytalanadigan vaginal kandidoz (SQVK) tashxisi qo‘yiladi. Bundan tashqari, SQVK bo‘lgan ayollarning 50 foizida kandidozli vaginit epizodi muvaffaqiyatli davolangandan so‘ng bir necha kundan 3 oygacha bo‘lgan intervalda kasallik alomatlari yana yuzaga keladi.

 

Ko‘p sonli kuzatuvlar takrorlanishlarning asosiy sabablarini aniqlash imkonini berdi.

 

Birinchi navbatda bu:

  • qinni chala davolash (tashxisdagi xatolik, patogen florani to‘liq nazoratga olmaslik, zamburug‘larga qarshi preparat tanlashda adashish);
  • davolanishga to‘liq rioya etmaslik (bemor davo kursining uzoq davom etishi sababli shifokor tomonidan yozib berilgan sxemaga rioya etmaydi, preparatni ko‘p marotaba qo‘llash, dori vositasidan foydalanishning noqulayligi va h.k.);
  • mikroblarga qarshi nomuvofiq terapiyaning asoratlari sifatida qin disbakteriozi.

Vulvovaginal kandidozning qaytalanish sabablari to‘g‘risidagi yangi ma’lumotlar so‘nggi o‘n yillikda uni davolashning odat bo‘lib ketgan usullarini o‘zgartirilishiga sabab bo‘ldi. Qiyosiy tadqiqotlarning natijalariga ko‘ra, mahalliy ta’sirga ega (kremlar, vaginal (qin uchun) tabletkalar va shamchalar) zamburug‘larga qarshi preparatlarni qo‘llash kasallikning takrorlanishlari sonini kamaytirishga yordam bermasligi aniqlandi. Ko‘plab mijozlar mahalliy terapiyani noxush davolash tadbiri deb hisoblaydilar va davolanishni oxiriga yetkazmaydilar.

Kandidozni va umuman vaginal kandidozni zamonaviyroq davolash ususli – bu zamburug‘larga qarshi tizimli vositalarni qo‘llash hisoblanadi. Bir qator hollarda – tizimli va mahalliy davolashni birgalikda qo‘llash.

Flukonazol mutlaq maqbul xavfsizlik profiliga ega bo‘lib, bu preparatning dozasini oshirish va surunkali qaytalanuvchi vaginal kandidozni davolash davomiyligini uzaytirish imkonini beradi.