Menu
logo

Zamburug‘li kasallik haqida

Zamburug‘li kasallik (vaginal kandidoz) – ayollar jinsiy a’zolarining keng tarqalgan kasalligi. Zamburug‘li kasallikning ko‘pchilik ayollarga tanish yoqimsiz belgilari – tvorogsimon yoki quyuq qaymoqsimon oq rangli ajralmalar (kasallik nomi ham shundan), vaginal qichishish, achishish, noqulaylik hissi.

Zamburug‘li kasallikning ilmiy nomi – vaginal kandidoz (yoqimsiz belgilarni yuzaga keltiruvchi Candida turidagi mikroskopik zamburug‘ning lotin tilidagi nomidan kelib chiqqan).

Vaginal kandidoz jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasallik emas.

Candida zamburug‘lari oz miqdorda ayollar organizmida (terida, og‘izda,  ichaklarda, jinsiy yo‘llarda) har doim bo‘ladi, kandidoz bilan kasallanish esa har doim ham yuzaga kelmaydi – odatda biror-bir qo‘zg‘atuvchi omillar mana shu zamburug‘larni juda tez ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin, aynan ular qinning me’yoriy mikroflorasini buzadi.

logo

Zamburug‘li kasallikni yuzaga keltiruvchi ehtimoliy omillar:

  • Antibiotiklar, oral kontratseptivlar, kortikostereoidlar, sitostatiklarni qabul qilish;
  • Organizmning himoya kuchlarini zaiflashtiruvchi kasalliklar (endokrinologik, o‘tkir va surunkali respirator, jarohatlar, operatsiyalar va h.k.);
  • Gigiyenik omillar (sintetik matolardan tikilgan ichki kiyimlar kiyish, juda tor kiyimlar (jinsi, stringlar), gigiyenik tagliklardan foydalanish, gigiyenaga rioya etmaslik);
  • Issiq iqlim va chot oralig‘i sohasida issiq va nam muhitni yuzaga keltiruvchi boshqa har qanday omillar;
  • Chekish, kuchli stress, allergik reaksiyalarga moyillik.
logo

Zamburug‘li kasallik qanday belgilarga ega?

Odatda ayollarda zamburug‘li kasallikning quyidagi belgilari kuzatiladi:

  • chot orasida achishish va qichishish;
  • qindan oq tvorogsimon ajralmalar;
  • qin va vulva sohasida qizarish va shishlar;
  • jinsiy yaqinlik va peshob chiqarishda og‘riqlardan shikoyatlar.

Epizodlarning chastotasiga ko‘ra o‘tkir (bir yilda 1-3 marta yoki kamroq) va qaytalanuvchi (bir yilda 4 marta va undan ko‘proq takrorlanadigan) vulvovaginal kandidozni ajratish mumkin.

Zamburug‘li kasallikni davolash kerakmi?

Albatta, kerak! Axir bu kasallik davolanmasa, hayot sifatini sezilarli tarzda pasaytiradi. Shuningdek, o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolangan vaginal kandidoz zamburug‘li kasallikning qaytalanish holatlari yuzaga kelishining oldini oladi.

Shuni ham e’tiborga olish joizki, zamburug‘li kasallikning belgilari siydik-tanosil tizimining boshqa kasalliklari belgisiga ham o‘xshashi mumkin. Davolashni boshlashdan avval, Siz o‘zingizda aynan zamburug‘li kasallik ekaniga 100 foiz ishonch hosil qilishingiz kerak. To‘g‘ri tashxisni faqat shifokor qo‘ya oladi, shunday ekan, diagnostik tekshiruvlar o‘tkazish va shikoyatlaringizning asl sababchisini aniqlash uchun belgilar yuzaga kelishi bilan o‘z ginekolog shifokoringizga uchrashing.